SOS
All topics

Tibbiy ko‘rik xulosasi (Meditsinskoe osvidetelstvovanie)

This section is currently available in Uzbek only.

Tibbiy ko‘rik xulosasi xorij fuqarosining sog‘lom ekanligini hamda atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklardan xoli ekanini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati hisoblanadi. Ushbu hujjatni olish bilan bog‘liq bosqichlar va talablar quyidagicha:

Hujjat kimlar uchun majburiy?

Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelgan patent asosida ishlovchilar va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar fuqarolari, shuningdek, mehnat qilmaydigan, ammo mamlakat hududida 30 kalendar kunidan ortiq qolishni rejalashtirgan barcha chet el fuqarolari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hujjatni olish majburiydir.

Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tgan kundan boshlab qat’iy 30 kalendar kuni ichida vakolatli tibbiyot muassasasiga murojaat qilish va tahlil topshirish zarur. Ushbu 30 kunlik muddat buzilgan taqdirda, chet el fuqarosi Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy bo‘lish huquqidan mahrum etiladi.

Amal qilish muddati va qayta ko‘rikdan o‘tish tartibi

Tibbiy xulosa 1 yil davomida haqiqiy hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini davom ettirish uchun amaldagi tibbiy hujjatning muddati tugagan sanadan e’tiboran har yili 30 kun ichida kayta tibbiy ko‘rikdan o‘tish talab etiladi.

Tibbiy ko‘rik tarkibi va tekshiruvlar

Tibbiy ko‘rik quyidagi standart amaliyotlarni o‘z ichiga oladi:

Qon tahlili: OIV, Gepatit B, C, D, sifilis hamda boshqa xavfli infektsiyalar mavjudligi aniqlanadi.

Siydik tahlili: Siydik tarkibida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi kimyoviy moddalar bor-yo‘qligi tekshiriladi. Shu sababli, tibbiy ko‘rikdan 2-3 kun oldin tarkibida kuchli moddalar bo‘lgan og‘riq qoldiruvchi va yo‘talga qarshi dori vositalarini qabul qilmaslik tavsiya etiladi.

Flyuorografiya tekshiruvi: Ko‘krak qafasi rentgen qilinib, o‘pka sili kasalligi aniqlanadi.

Mutaxassislar ko‘rigi: Narkolog, dermatovenerolog, infektsionist va ftiziatr ko‘rigi amalga oshiriladi.

Jarayonni amalga oshirish bosqichlari

Hujjatlarni tayyorlash: Xorijga chiqish pasporti, pasportning notarial tasdiqlangan tarjimasi, migratsiya kartasi hamda migratsiya hisobida turganlik haqidagi bildirishnoma (registratsiya) talab etiladi.

Vakolatli klinikani tanlash: Murojaat faqat Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan davlat vakolatli migratsiya tibbiyot markazlarida amalga oshiriladi. Masalan, Moskva shahrida bu amaliyot Saxarovo ko‘p tarmoqli migratsiya markazida bajariladi. Vakolatga ega bo‘lmagan xususiy klinikalar bergan hujjatlar yuridik kuchga ega emas.

To‘lov va ko‘rikdan o‘tish: Beriladigan xizmatlar uchun belgilangan to‘lov amalga oshirilgach, barcha shifokorlar ko‘rigidan o‘tiladi.

Xulosani olish: Tahlil natijalari 3–5 ish kuni ichida tayyor bo‘ladi. Tekshiruv muvaffaqiyatli yakunlangach, fuqaroga elektron QR-kodga ega tibbiy xulosa va ma’lumotnoma topshiriladi.

Ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga yuborish: Aniqlangan ma’lumotlar tibbiyot muassasasi tomonidan Ichki ishlar vazirligining yagona bazasiga avtomatik tarzda yuboriladi. Ayrim hududlarda hujjatning aslini hududiy migratsiya bo‘limiga shaxsan taqdim etish talab qilinishi mumkin.

Kasalliklar aniqlangan taqdirda ko‘riladigan choralar

Tekshiruv davomida fuqaroda Odam immuniteti tanqisligi virusi, sil yoki giyohvandlik tobeligi aniqlansa, rasmiy hujjatlar berilmaydi. Bunday holatda chet el fuqarosining Rossiya Federatsiyasida bo‘lishi maqsadga muvofiq emas deb topiladi va ushbu fuqaro mamlakat hududini tark etishi yoki belgilangan tartibda davolanishi shart