28-avgust kuni Moskva shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Tashqi ishlar vazirligi mas’ullari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibidan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Migratsiya agentligi direktori Bexzod Musayev hamda diplomatik vakolatxona rahbarlari o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, fuqarolar ushlangan taqdirda O‘zbekiston tomonini o‘z vaqtida xabardor qilish, migratsiya tadbirlari jarayonida inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, nazorat qilinuvchi shaxslar reyestri va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning huquqiy maqomini tartibga solish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga tashkiliy ravishda ishga joylashtirish, ularni kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish hamda migratsiya tartib-taomillarini yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.








