Farzandingizni maktabdan chiqarish uchun onlayn ariza topshirish tartibi joriy etildi

O'zbekistonda farzandini xorijga olib ketayotgan ota-onalar uchun maktabdan chiqarish jarayoni soddalashtirildi. Endilikda ushbu xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasi orqali elektron so'rovnoma to'ldirish kifoya.
Ta'kidlanishicha, yuborilgan elektron ariza bolalar masalalari bo'yicha tuman komissiyasi tomonidan 5 ish kuni davomida ko'rib chiqiladi. Komissiya qarori qabul qilingandan so'ng, maktab ma'muriyati o'quvchini elektron bazadan o'chiradi.
Jarayon yakunlangach, ota-onaning shaxsiy kabinetiga tegishli xabarnoma yuboriladi. Bu yangilik xorijga ko'chib ketayotgan yoki uzoq muddatga safarga otlanayotgan oilalar uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda vaqtni tejash imkonini beradi.






