SOS
Aloqa

Xorijiy ishtirokchilar uchun internetga cheklovsiz kirish imkoniyati yaratildi

Xorijiy ishtirokchilar uchun internetga cheklovsiz kirish imkoniyati yaratildi

Yekaterinburg shahrida bo'lib o'tayotgan Xalqaro yoshlar festivali doirasida xorijlik ishtirokchilar uchun internet tarmoqlaridan erkin foydalanish imkoniyati yaratildi. "Yekaterinburg-Ekspo" majmuasida o'tkazilayotgan tadbirda mehmonlarga Rossiyada bloklangan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkonini beruvchi maxsus SIM-kartalar tarqatildi.

Festival tashkilotchilari ishtirokchilar uchun uch xil Wi-Fi tarmog'ini ajratgan. Jumladan, "IWYF2026-GLOBAL" tarmog'i xorijlik delegatlar uchun mo'ljallangan bo'lib, unda trafik filtratsiyasi o'chirilgan. Rossiya fuqarolari uchun mo'ljallangan "IWYF2026_UNITED" tarmog'ida esa "Roskomnadzor" tomonidan o'rnatilgan cheklovlar amal qiladi. Tizim foydalanuvchining akkreditatsiya beyji raqami orqali uning fuqaroligini aniqlab, mos tarmoqqa ulanishni ta'minlaydi.

Festival ishonch telefoni xodimlarining ma'lum qilishicha, xorijlik mehmonlarga "odatiy servislar"ga kirishni ta'minlash maqsadida maxsus SIM-kartalar berilgan. Bu xorijlik ishtirokchilarga o'z ijtimoiy tarmoqlarida festival jarayonlarini hech qanday to'siqlarsiz yoritib borish imkonini beradi. Shunga o'xshash amaliyot 2026-yilning iyun oyida Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida ham qo'llanilgan edi.

Eslatib o'tamiz, Xalqaro yoshlar festivali 2026-yilning 11-sentabridan 17-sentabriga qadar davom etadi. Tadbir dasturidan konsertlar va turli davlat vakillari ishtirokidagi rasmiy uchrashuvlar o'rin olgan.

16.09.20261