Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi xosting va CDN-provayderlarga «oq ro'yxat»ga kiritilgan resurslarning IP-manzillarini alohida tarmoqlarga ajratish bo'yicha ko'rsatma berdi. Bu chora ruxsat etilgan saytlar infratuzilmasi orqali VPN-servislar va boshqa taqiqlangan resurslarning ishlashiga yo'l qo'ymaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu yangilik VPN-servislarning ishlashini sezilarli darajada murakkablashtiradi. Garchi Rossiyada VPN-servislardan foydalanish to'liq taqiqlanmagan bo'lsa-da, ularni sozlash va barqaror ishlashini ta'minlash oddiy foydalanuvchilar uchun qiyinlashib bormoqda.
Rasmiylar VPN-servislardan foydalanish xavfsizlik nuqtai nazaridan tavsiya etilmasligini ta'kidlab, ularni bloklash jarayoni davom etishini ma'lum qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya Davlat dumasi vakillari oddiy fuqarolarni VPN orqali blokirovkalarni chetlab o'tgani uchun jarimaga tortish rejalashtirilmaganini bildirgan.
Shuni yodda tutish kerakki, ko'plab kompaniyalar VPN texnologiyalaridan korporativ maqsadlarda foydalanadi va bu kabi faoliyatga cheklovlar qo'yilmaydi. Biroq, internet tarmog'ini boshqarish va nazorat qilish kuchayib borayotgani sababli, erkin internet resurslariga kirish imkoniyatlari kelgusida o'zgarishi mumkin.









