SOS
Deportatsiya

9 nafar migrant Rossiyaga kirish huquqidan 50 yilga mahrum qilindi

9 nafar migrant Rossiyaga kirish huquqidan 50 yilga mahrum qilindi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Zabaykalye o'lkasi bo'yicha boshqarmasi hamda IIV migratsiya masalalari boshqarmasi hamkorligida o'tkazilgan tadbirlar davomida Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan 9 nafar xorijlik fuqaroning noqonuniy harakatlari aniqlandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ushbu shaxslarning xatti-harakatlari Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid sifatida baholangan.

Tekshiruvlar natijasida ushbu shaxslar Zabaykalye o'lkasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelgani, biroq mahalliy qonun-qoidalarga rioya etmagani ma'lum bo'ldi. Xususan, ular davlat siyosatiga qarshi chiqish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonuniy talablarini bajarmaslikka chaqirish hamda etnik ustunlik g'oyalarini targ'ib qilishda ayblangan. Shuningdek, guruh a'zolaridan biri soxta patent asosida ishlashga uringani aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Rossiya IIVning Zabaykalye o'lkasi bo'yicha migratsiya boshqarmasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unga ko'ra, 9 nafar migrantning Rossiya hududida bo'lish muddati 3 sutkagacha qisqartirildi va ularning mamlakatga kirishi 50 yil muddatga taqiqlandi. Mazkur chora ularning Rossiyada bo'lishi «istalmagan» deb topilgani bilan izohlanmoqda.

23.09.20265