Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirishiga qo‘yilgan taqiqni tekshirish imkonini beruvchi elektron xizmat vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayapti.
Rossiya IIV huzuridagi “Pasport-viza xizmati” (PVS) ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda xorijliklar o‘zlariga nisbatan taqiq mavjudligini aniqlash uchun maxsus “Nazorat ostidagi shaxslar reyestri”ning ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin. Buning uchun 8-800-200-52-09 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish tavsiya etiladi.
Mutaxassislar texnik nosozliklar bartaraf etilgunga qadar ushbu ishonch telefonidan foydalanishni maslahat berishmoqda. Shuningdek, migrantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar va yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha tegishli maslahatlar olish uchun rasmiy axborot kanallari va chat-botlar orqali bog‘lanishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya hududiga kirishdan oldin taqiq mavjudligini tekshirish kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini olishga yordam beradi. Servis qayta ishga tushirilgach, ma’lumotlar yana avvalgi tartibda onlayn tarzda taqdim etilishi kutilmoqda.









