Novosibirsk viloyatining Moshkovskiy tumanidagi qurilish obyektlarida Rossiya IIV xodimlari tomonidan migratsiya nazorati bo'yicha tekshiruvlar o'tkazildi. Reydlar davomida xorijlik fuqarolar ishlayotgan sakkizta qurilish maydonchasi ko'zdan kechirildi.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, 10 nafar xorijlikda migratsiya qonunchiligi buzilishi holatlari qayd etildi. Ulardan ikki nafari Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborilishi belgilandi, shuningdek, ularning mamlakatga kirishi ma'lum muddatga taqiqlanishi ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, tibbiy ko'rikdan belgilangan muddatda o'tmagan yana ikki nafar chet el fuqarosining har biriga 25 ming rubl miqdorida jarima solindi. Qolgan huquqbuzarlarga nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksning tegishli moddalari bo'yicha choralar ko'rildi.
Nazorat organlari, shuningdek, xorijlik ishchilarni noqonuniy ravishda yollagan ish beruvchilarni ham aniqladi. Endilikda qonunbuzarlikka yo'l qo'ygan kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham ma'muriy jarimalar qo'llanilishi kutilmoqda.









