Rossiya Ichki ishlar vazirligi mehnat migrantlarining daromadlarini avtomatik tekshirish tizimini joriy etmoqda. 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab ishga tushadigan ushbu tartibga ko‘ra, Davlat migratsiya hisobi axborot tizimi orqali xorijlik ishchilarning soliq va ijtimoiy fondlarga ajratmalari doimiy nazorat qilinadi. Agar tizimda daromad haqida ma’lumot bo‘lmasa yoki u belgilangan eng kam miqdordan past bo‘lsa, bu patentning bekor qilinishiga va mamlakatdan chiqarib yuborilishiga asos bo‘ladi.
Tekshiruv jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, ma’lumotlar soliq xizmati bazasi bilan bog‘lanadi. Qoidabuzarlik aniqlanganda, IIV uch kun ichida tekshiruvni boshlaydi. Migrant va ish beruvchi “Gosuslugi” portali orqali xabardor qilinadi. Xabar olingandan so‘ng, tomonlar uch ish kuni ichida daromadni tasdiqlovchi hujjatlarni tizimga yuklashlari shart. Tekshiruv jarayoni ko‘pi bilan 30 ish kunini tashkil etadi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shimcha talablar kuchga kiradi. Unga ko‘ra, migrant o‘zi va har bir farzandi uchun belgilangan darajada soliq to‘lovlarini amalga oshirishi hamda oilasini yashash minimumi darajasida ta’minlashi shart. Bundan tashqari, 18 yoshga to‘lgan xorijlik farzandlar Rossiyada qolish uchun alohida patent olishi yoki mamlakatni tark etishi talab etiladi.
Ushbu o‘zgarishlar migrantlardan o‘z daromadlari va soliq to‘lovlari bo‘yicha hujjatlarni tartibda saqlashni, ish beruvchilar bilan esa shartnomalarni qonuniy rasmiylashtirishni talab qiladi. Mutaxassislar migrantlarga “Gosuslugi”dagi shaxsiy kabinetlarini muntazam kuzatib borishni va soliq to‘lovlari bo‘yicha ma’lumotlarni nazorat qilishni tavsiya etishmoqda.









