Rossiya IIVning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish boshqarmasi (UBK) Telegram messenjeri foydalanuvchilari uchun yangi firibgarlik sxemasi tarqalganini ma'lum qildi. Jinoyatchilar bayramlar arafasida sovg'a sifatida «Telegram Premium» obunasini taklif qilish orqali shaxsiy akkauntlarni o'g'irlamoqda.
Firibgarlar notanish raqamlar yoki buzib kirilgan tanishlar profili orqali xabar yuborishadi. Xabarda go'yoki sovg'a qilingan obuna haqida bildirishnoma va unga biriktirilgan QR-kod yoki havola mavjud bo'ladi. Foydalanuvchi ushbu havolaga o'tib, telefon raqami va tasdiqlash kodini kiritishi bilan firibgarlar uning akkauntiga kirish huquqini qo'lga kiritadi. Natijada, jinoyatchilar foydalanuvchining barcha faol seanslarini yopib, uning kontaktlariga firibgarlik xabarlarini tarqatishni boshlaydi.
Mutaxassislar bunday xabarlarga nisbatan hushyor bo'lishni va raqamli gigiyena qoidalariga rioya qilishni tavsiya etmoqda. Xususan, noma'lum manbalardan kelgan sovg'a takliflari bo'yicha havolalarga o'tmaslik, QR-kodlarni skanerlamaslik hamda begona saytlarda tasdiqlash kodlarini kiritmaslik so'raladi.
IIV vakillarining ta'kidlashicha, hatto xabar tanish odamdan kelgan bo'lsa ham, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish uchun ehtiyotkorlikni saqlash zarur. Agar sizga shubhali taklif kelib tushsa, uni darhol o'chirib tashlash va xabarni yuborgan shaxs bilan boshqa aloqa kanallari orqali bog'lanib, vaziyatni aniqlashtirish tavsiya etiladi.









