SOS
Deportatsiya

Jukovskiyda 121 nafar muhojir Rossiyadan chiqarib yuboriladi

Jukovskiyda 121 nafar muhojir Rossiyadan chiqarib yuboriladi

Moskva viloyatining Jukovskiy shahrida o'n kun davom etgan «Nelegal-2026» tezkor-profilaktika tadbirlari yakunlandi. Politsiya xodimlari qurilish, ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligi obyektlarida tekshiruvlar o'tkazib, 171 nafar xorijlik fuqaroni ichki ishlar bo'limlariga olib keldi.

Tekshiruvlar natijasida migratsiya qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan jami 170 dan ortiq ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Xususan, 127 ta holatda bo'lish tartibini buzish, 24 ta holatda noqonuniy mehnat faoliyati, 12 ta holatda migratsiya hisobiga qo'yishda yolg'on ma'lumot berish va 7 ta holatda belgilangan jazoni ijro etishdan bo'yin tovlash aniqlangan. Huquqbuzarlarga 3 mingdan 400 ming rublgacha jarimalar solindi.

Ko'rilgan choralar natijasida 121 nafar shaxs Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborilishi belgilandi, yana 7 nafar migrant esa xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirildi. Shuningdek, noqonuniy migratsiyani tashkil etish va soxta ro'yxatga olish ayblovi bilan 62 yoshli Markaziy Osiyo fuqarosi hamda 66 yoshli mahalliy aholi vakiliga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Bundan tashqari, xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilgan bir tashkilot va uch nafar fuqaroga nisbatan ma'muriy ish ochildi. Yana uch kishi qabul qiluvchi tomon sifatida migratsiya hisobini yuritish majburiyatlarini bajarmagani uchun javobgarlikka tortilmoqda.

06.11.202611