Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi xabariga ko'ra, 2026-yil 8-noyabr kuni "Dunay" va "Ogonok" bog'dorchilik shirkatlari hududida migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish bo'yicha reyd o'tkazildi. Tadbir huquq-tartibot idoralari va Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari hamkorligida amalga oshirildi.
Tekshiruvlar Morozov nomidagi porox zavodiga tutash hududlarda olib borildi. Reyd davomida jami 894 ta uy va 2 ta avtoservis ko'zdan kechirildi. Nazorat tadbirlari natijasida 197 nafar shaxs tekshiruvdan o'tkazilgan bo'lib, ularning 18 nafari xorijiy fuqarolar ekani aniqlandi.
Tekshirilgan xorijliklar orasida 4 nafar shaxsda Rossiya Federatsiyasi migratsiya qonunchiligini buzish (Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi) holatlari qayd etildi. Hozirgi vaqtda ushbu shaxslarni Rossiya hududidan ma'muriy tartibda chiqarib yuborish masalasi ko'rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, reyd davomida xususiy uylardan birida taqiqlangan o'simlik yetishtirish holati aniqlangan va tegishli ma'muriy bayonnoma tuzilgan. Shuningdek, yo'l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan haydovchilarga nisbatan 5 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi: ular orasida haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish, ro'yxatdan o'tmagan transport vositasidan foydalanish va yo'l harakati qoidalarini buzish kabi holatlar mavjud.









