SOS
Deportatsiya

Moskva viloyatidagi reydlarda 93 nafar migrant javobgarlikka tortildi

Moskva viloyatidagi reydlarda 93 nafar migrant javobgarlikka tortildi

Moskva viloyati IIV xodimlari Lenin va Odintsovo shahar okruglarida noqonuniy migratsiyaga qarshi tezkor-profilaktika tadbirlarini o'tkazdi. Natijada migratsiya qoidalarini buzgan 93 nafar xorijlik fuqaro aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Lenin shahar okrugida o'tkazilgan reydlar davomida 51 nafar migrant politsiya bo'limiga olib ketildi. Tekshiruvlar natijasida 49 kishi migratsiya hisobida turmasdan yashayotgani, 2 kishining esa ro'yxatdan o'tish muddati tugagani aniqlandi. Huquqbuzarlarning har biriga 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima belgilandi va bir nafar chet el fuqarosiga Rossiyani tark etish majburiyati yuklandi.

Odintsovo shahar okrugidagi Perxushkovo qishlog'ida joylashgan yotoqxonalardan birida 42 nafar xorijlik fuqaro qoidalarni buzgani ma'lum bo'ldi. Ularning 36 nafariga Rossiyada bo'lish tartibi va muddatlarini buzganlik bo'yicha, yana 6 nafariga esa qoidalarni takroran buzganlik bo'yicha materiallar tayyorlandi. Ushbu guruhdan 6 nafar migrant Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuboriladi.

Rossiya IIVning hududiy organlari migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo'yicha tadbirlarni davom ettirmoqda. Migrantlardan o'z hujjatlari va ro'yxatdan o'tish muddatlarini o'z vaqtida nazorat qilish so'raladi.

18.09.20261