Nijnevartovsk shahrida Rossiya IIV xodimlari tomonidan migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. Tadbirlar davomida xorijiy fuqarolarning mamlakatga kirish va bo‘lish tartibini buzish hamda noqonuniy mehnat faoliyati bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Tekshiruvlar natijasida jami 43 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qoidabuzarliklarning aksariyati Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.8 (bo‘lish rejimini buzish), 18.10 (noqonuniy mehnat faoliyati) va 18.11-moddalari bilan bog‘liq. Shuningdek, jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamaslik bilan bog‘liq yana 24 ta holat qayd etilgan.
Qonunbuzarliklar aniqlangan 10 nafar xorijiy fuqaroga nisbatan Rossiya Federatsiyasidan ma’muriy tartibda majburiy chiqarib yuborish qarori qabul qilindi. Ular orasida qoidalarni buzgan holda hududda bo‘lgan bir nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor.
Bundan tashqari, shahar hududida Rossiya fuqaroligidan mahrum etish holati ham qayd etilgan. Sud hukmiga ko‘ra, 43 yoshli mahalliy fuqaroning pasporti haqiqiy emas deb topilib, olib qo‘yilgan. Hozirda huquq-tartibot organlari ushbu shaxsning mamlakatdan chiqib ketish jarayonini nazorat qilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar migratsiya qonunchiligi bo‘yicha nazorat tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilishini ma’lum qildi. Fuqarolardan Rossiya qonunlariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.









