Nijniy Novgorod viloyati sud ijrochilari xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida Rossiya hududida noqonuniy bo'lib turgan 1200 nafardan ortiq xorijiy fuqaro mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Rasmiylarning qayd etishicha, bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobar yuqoridir.
Sud ijrochilari xizmati vakili Natalya Stepinaning so'zlariga ko'ra, chiqarib yuborilganlar orasida O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Armaniston fuqarolari ko'pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, Kuba, Kongo, Hindiston va Vetnam fuqarolari ham qayd etilgan. Migrantlarni chiqarib yuborish bo'yicha ko'rsatkichlar so'nggi uch yil davomida muntazam o'sib bormoqda.
Mutaxassislar jarayonning tezlashganini tartib-qoidalarning soddalashtirilgani bilan izohlamoqda. Xususan, agar xorijiy fuqaro o'z mablag'i hisobidan yo'l chiptasini sotib olishga tayyor bo'lsa, u 72 soat ichida Rossiyadan chiqarib yuboriladi.
Eslatib o'tamiz, Rossiya qonunchiligiga ko'ra, mamlakatda bo'lish qoidalarini buzgan yoki hujjatlari muddati o'tgan xorijliklar ma'muriy javobgarlikka tortilishi va majburiy tartibda chiqarib yuborilishi mumkin. Migrantlarga o'z hujjatlari va Rossiyada qonuniy bo'lish asoslarini doimiy nazoratda saqlash tavsiya etiladi.









