Rossiya Xavfsizlik kengashi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning dastlabki 9 oyi davomida Rossiyaga 6,9 million nafar xorijlik kirib kelgan. Bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga kamaygan. 1-oktyabr holatiga ko'ra, Rossiya hududida 5,9 million nafar xorijiy fuqaro bo'lib turibdi.
Hisobot davrida xorijliklarga nisbatan 1,8 millionta ma'muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirilgan. Ma'muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish to'g'risida 143,1 mingta qaror qabul qilingan, bu o'tgan yilga nisbatan uch barobar ko'pdir. Shuningdek, 290,8 ming nafar xorijlikka kirish taqiqlangan (o'tgan yilga nisbatan 75 foizga ko'p) va 78,7 ming nafar migrantning vaqtincha bo'lish muddati qisqartirilgan.
Rasmiy statistikaga ko'ra, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (RVP) berish 17 foizga, yashash guvohnomasi (VNJ) berish esa 43 foizga kamaygan. 1-oktyabr holatiga ko'ra, Rossiyada 67,8 ming nafar RVP va 602,7 ming nafar VNJga ega xorijlik istiqomat qilmoqda.
Mehnat migrantlari orasida patent asosida ishlayotganlar soni 1,7 milliondan ortiqni tashkil etib, bu o'tgan yilga nisbatan 12,6 foizga kamaygan. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) fuqarolari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bo'yicha ish beruvchilardan 943,4 mingta xabarnoma kelib tushgan. Ish ruxsatnomasiga ega bo'lganlarning 100,1 ming nafari malakali va yuqori malakali mutaxassislar hisoblanadi.









