Perm o‘lkasining Chusovskiy okrugi, Polovinka qishlog‘idagi qurilish obektlaridan birida Rossiya IIVning hududiy bo‘limi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi. Reyd jarayonida Rossiya gvardiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Tekshiruv vaqtida qurilish maydonchasida 40 nafarga yaqin xorij fuqarosi bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari ularning migratsiya qonunchiligiga rioya etish holatini o‘rgandi. Natijada to‘rt nafar shaxsda mehnat faoliyatini amalga oshirish va Rossiya hududida bo‘lish tartibiga oid qoidabuzarliklar aniqlandi.
Qoidabuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Sud qaroriga ko‘ra, ularni Rossiya hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ayni damda ushbu fuqarolar xorijliklarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
Politsiya xodimlari mazkur shaxslarni noqonuniy ravishda ishga jalb qilgan ish beruvchining harakatlariga huquqiy baho berish uchun surishtiruv ishlarini olib bormoqda.









