SOS
Deportatsiya

Primoryeda 173 nafar migrant chiqarib yuborildi va 346 kishiga kirish taqiqlandi

Primoryeda 173 nafar migrant chiqarib yuborildi va 346 kishiga kirish taqiqlandi

Rossiyaning Primorye o'lkasida «Noqonuniy migrant – 2026» kompleks tezkor-profilaktika tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Reydlar qishloq xo'jaligi, transport, qurilish, savdo va xizmat ko'rsatish obyektlarida, shuningdek, xorijliklar ko'p to'planadigan joylarda o'tkazildi. Tekshiruvlar davomida migrantlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va Rossiyada bo'lish qonuniyligi tekshirilib, barmoq izlari olindi.

Primorye o'lkasi IIV politsiya boshlig'i Aleksey Popovning ma'lum qilishicha, operatsiya davomida migratsiya sohasida 548 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Bu ko'rsatkich joriy yilning iyun oyida o'tkazilgan birinchi bosqichga nisbatan 32 foizga ko'pdir. Xususan, 317 kishi Rossiyaga kirish yoki u yerda bo'lish qoidalarini buzgani (RF Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi) uchun javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 89 nafar xorijlik noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug'ullangani aniqlangan.

Tekshiruvlar natijasida 173 nafar xorijlik fuqaroni Rossiyadan ma'muriy yo'l bilan chiqarib yuborish to'g'risida qaror qabul qilindi. Ulardan 89 nafari mustaqil ravishda chiqib ketishi kerak bo'lsa, 84 nafari majburiy tartibda chiqarib yuboriladi va vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtiriladi. Bundan tashqari, xorijliklarga nisbatan Rossiyaga kirishni taqiqlash bo'yicha qarorlar soni 73 foizga oshib, 346 tani tashkil etdi.

Qoidabuzarliklarga yo'l qo'ygan 61 nafar tadbirkor ham xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilgani uchun (18.15-modda) yirik jarimalarga tortildi. Politsiya xorijlik fuqarolarni Rossiya migratsiya qonunchiligi talablariga qat'iy rioya qilishga chaqirmoqda. Qonunbuzarliklar haqida xabar berish uchun Primorye o'lkasi IIVning 8 (423) 240 10 00 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

17.11.20262