SOS
Deportatsiya

Rossiya hududlarida migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda

Rossiya hududlarida migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda

Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan migratsiya qonunchiligi ijrosini ta’minlash bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, Samara shahridagi qurilish maydonlarida o‘tkazilgan reydlar natijasida hujjatlari tartibda bo‘lmagan o‘nlab xorijliklar aniqlandi. Qoidabuzarliklar sababli 63 nafar shaxsga Rossiyaga kirish taqiqlandi, 16 nafar fuqaro esa mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Boshqa hududlarda ham nazorat choralari kuchaytirilgan. Masalan, Moskva viloyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 113 nafar xorijlik ichki ishlar bo‘limlariga olib kelingan. Ularning 84 nafariga nisbatan mamlakat hududini tark etish majburiyati yuklatildi. Saxa (Yoqutiston) respublikasida o‘tkazilgan «Mehnat migranti» operatsiyasi doirasida esa 114 ta huquqbuzarlik qayd etilib, 16 nafar noqonuniy mehnat qilayotgan shaxs chiqarib yuborildi.

Perm o‘lkasida joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, 6 mingdan ortiq obyekt tekshirilib, 3 mingga yaqin qoidabuzarlik aniqlangan. Natijada yuzlab shaxslarga nisbatan ma’muriy chiqarib yuborish va kirishni taqiqlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Shuningdek, Stavropol o‘lkasida xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilgan korxonalarga nisbatan yirik miqdorda jarimalar belgilandi.

Migratsiya xizmati vakillari ish beruvchilarni qonun hujjatlariga rioya qilishga chaqirmoqda. Noqonuniy mehnatdan foydalanganlik uchun korxonalarga 800 ming rublgacha jarima solinishi yoki ularning faoliyati 90 kungacha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Chet el fuqarolaridan o‘z hujjatlarini o‘z vaqtida rasmiylashtirish va migratsiya rejimiga qat’iy amal qilish so‘raladi.

16.08.20260