Primorye o'lkasining Pojarsk okrugida o'rmon hududida noqonuniy daraxt kesish va kedr yong'og'ini yig'ish bilan shug'ullangan 12 nafar xorijiy fuqaro politsiya tomonidan qo'lga olindi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari va o'rmon xo'jaligi mutaxassislari tomonidan o'tkazilgan reyd davomida davlat o'rmon fondi yerlarida tashkil etilgan noqonuniy lager aniqlandi.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, ushbu shaxslar yasen, ilm, jo'ka, chinor va sariq qayin daraxtlarini ruxsatsiz kesgan. Rossiya Federatsiyasi o'rmon fondiga yetkazilgan zarar miqdori 76 869 rublni tashkil etadi. Qo'lga olingan fuqarolar Rossiya IIVning «Pojarskiy» bo'limiga olib kelinib, ularning shaxsiga aniqlik kiritildi va daktiloskopiya tekshiruvi o'tkazildi.
Politsiya xodimlari tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan Rossiya Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi 2-qismi bilan bayonnomalar tuzildi. Ushbu modda xorijiy fuqarolarning Rossiyaga kirish maqsadiga mos kelmaydigan faoliyat bilan shug'ullanganini anglatadi. Qonunchilikka ko'ra, mazkur huquqbuzarlik 5 ming rublgacha jarima hamda Rossiya Federatsiyasi hududidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish (deportatsiya) bilan jazolanadi.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan ekologik jinoyat faktlari bo'yicha qo'shimcha tekshiruvlar davom ettirilmoqda. Tekshiruv yakunlariga ko'ra, ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atish masalasi ko'rib chiqiladi.









