Tataristonning Laishevo tumanida O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Aniqlanishicha, fuqaro mast holatda avtomobil boshqargani uchun yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida u tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortgan va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan.
Sud jarayonida ayblanuvchining avvalgi qonunbuzarliklari ham inobatga olindi. Xususan, u 2025-yil dekabr oyida haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa-da, 2026-yilning may oyida yana rulga o‘tirgan. Shuningdek, u Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgani va avvalroq Moskva sudi tomonidan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat uchun shartli jazo tayinlangani aniqlandi.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro uch yil-u bir oy muddatga umumiy tartibli koloniyaga joylashtirildi. Shuningdek, u ikki yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etildi. Hukm o‘qilgan zahoti shaxs sud zalida hibsga olindi, uning avtomobili esa egasiga (onasi) qaytarib berildi.









