Rossiyaning Primorye o'lkasi Vladivostok shahridagi savdo markazlaridan birida «Noqonuniy migrant-2026» operatsiyasining ikkinchi bosqichi doirasida tekshiruv o'tkazildi. Ichki ishlar boshqarmasi, Federal xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan amalga oshirilgan reyd davomida 30 nafar xorijlik fuqaroning hujjatlari tekshirildi.
Tekshiruv natijasida 19 yoshdan 65 yoshgacha bo'lgan 3 nafar O'zbekiston fuqarosi migratsiya qoidalarini buzganlikda ayblanib, ushlandi. Ularning barchasiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi bo'yicha bayonnomalar rasmiylashtirildi va jarima jazosi tayinlandi.
Aniqlanishicha, ushlanganlardan ikki nafari avval ham huquq-tartibot organlari e'tiboriga tushgan. Ular Artyom shahridagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan va Rossiyadan majburiy tartibda chiqarib yuborilishini kutmoqda. Uchinchi shaxsga esa jarimadan tashqari mamlakatni mustaqil ravishda tark etish majburiyati yuklatildi.
Rasmiy idoralar xorijlik fuqarolarni migratsiya qonunchiligi talablariga qat'iy rioya qilishga chaqirmoqda. Reydlar davomida huquqbuzarliklarni aniqlash bilan bir qatorda, migrantlar o'rtasida qonunbuzarliklar uchun javobgarlik bo'yicha tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.









