Volgograd viloyati Federal xavfsizlik xizmati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Oktyabrskiy tumanida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. Tekshiruvlarda IIV, Rosgvardiya, Rospotrebnadzor, sud ijrochilari va harbiy komissariat vakillari ishtirok etdi.
Reyd davomida mehmonxonalar, yotoqxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qurilish maydonchalari hamda chorvachilik xo‘jaliklari tekshirildi. Xususan, xorijiy fuqarolarning Rossiya hududida bo‘lish qonuniyligi va ishlash uchun ruxsatnomalari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, sanoat hududlari va omborxonalarda uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA) saqlash, ta’mirlash, yig‘ish yoki uchirish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarni aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari olib borildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruv jarayonida shubhali holatlar aniqlanmagan.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlari transport vositalarini to‘xtatib, haydovchilarning hujjatlarini va avtomobil salonlarini tekshiruvdan o‘tkazdi. Bu jarayonda qurol-yarog‘, o‘q-dorilar hamda uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy tashish holatlarini aniqlashga e’tibor qaratildi.
Mas’ul idoralar vakillari xavfsizlikni ta’minlash maqsadida shunday reydlar viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilishini ma’lum qildi.









