SOS
Deportatsiya

XMAO gubernatori sud ijrochilari xizmati rahbari bilan uchrashdi

XMAO gubernatori sud ijrochilari xizmati rahbari bilan uchrashdi

Xanti-Mansiysk avtonom okrugi gubernatori Ruslan Kuxaruk mintaqadagi Federal sud ijrochilari xizmati (FSSP) boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Kabdula Xaydarov bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar idoralararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida gubernator mintaqada huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud ijrochilari o‘rtasidagi hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Xususan, migratsiya qonunchiligini buzgan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha sud qarorlarini ijro etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning sentyabr oyidan buyon 1,5 mingga yaqin qoidabuzar deportatsiya qilingan.

Shuningdek, uchrashuvda sud ijrochilarining boshqa yo‘nalishlardagi faoliyati ham qayd etildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida xodimlar tomonidan kompaniyalardan 300 million rubldan ortiq ish haqi qarzdorliklari undirib berilgan. Bundan tashqari, aliment to‘lovlari bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishilgani, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58 foizga ko‘proq mablag‘ undirilgani ma’lum qilindi.

Kabdula Xaydarov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Tyumen viloyatida xuddi shu sohada rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan. Uning o‘rniga esa XMAOda ishlagan Yelena Lovando tayinlangan.

16.08.20260