SOS
Hujjatlar

300 dan ortiq migrantning hujjati soxta bo'lib chiqdi: noqonuniy ro'yxatga olish fosh etildi

300 dan ortiq migrantning hujjati soxta bo'lib chiqdi: noqonuniy ro'yxatga olish fosh etildi

Rossiyaning Primorye o'lkasi Ussuriysk shahrida 47 va 56 yoshli ikki ayol noqonuniy migratsiya kanalini tashkil etganlikda ayblanib, sudga tortilmoqda. Rossiya IIVning Primorye o'lkasi bo'yicha boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, ular 2025-yilning fevralidan oktyabriga qadar bo'lgan davrda 300 dan ortiq xorijiy fuqaroning mamlakatda noqonuniy bo'lishini ta'minlagan.

Tergov versiyasiga ko'ra, ayblanuvchilardan biri tijorat tashkiloti rahbari bo'lgan va o'z mansab vakolatidan foydalanib, xorijliklarni qabul qiluvchi tomon sifatida rasmiylashtirgan. Ular migrantlarni haqiqatda yashamaydigan manzillar bo'yicha migratsiya hisobiga qo'yib, soxta ma'lumotlar aks etgan hujjatlarni taqdim etishgan. Bu esa xorijliklarga Rossiyada qonuniy asosda yurganliklari haqida soxta tasdiqnomaga ega bo'lish imkonini bergan.

Ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan mansab vakolatini suiiste'mol qilgan holda noqonuniy migratsiyani tashkil etish) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan.

Ayblanuvchilarga nisbatan sud hukmi bilan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 million rublgacha jarima hamda 7 yilgacha muayyan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Hozirda tergov davrida ayollarga nisbatan uy qamog'i va muayyan harakatlarni taqiqlash kabi ehtiyot choralari qo'llanilgan.

05.10.20264