Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan xorijlik fuqarolar patent muddatini tugatgandan so‘ng, mamlakatdan chiqib ketmasdan uni qayta rasmiylashtirish huquqiga ega. Qonunchilikka ko‘ra, patentni qayta rasmiylashtirishlar soni cheklanmagan, biroq har bir holatda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Patentni uzaytirish uchun migrant Rossiya hududida qonuniy asosda bo‘lishi, avvalgi davr uchun daromad solig‘i (NDFL) bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan bo‘lishi hamda hujjatlarni patent muddati tugashiga kamida 10 ish kuni qolganda topshirishi shart. Shuningdek, ish beruvchining iltimosnomasi va mehnat shartnomasi mavjudligi majburiy hisoblanadi.
Qayta rasmiylashtirish jarayoni uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat, migratsiya kartasi, tibbiy sug‘urta polisi, rus tili va tarixi bo‘yicha sertifikat hamda soliq to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiyalar taqdim etilishi kerak. Hujjatlar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Shuni yodda tutish kerakki, agar ish beruvchi xodimning mehnat faoliyati boshlangani haqida Rossiya IIVga o‘z vaqtida xabar bermasa yoki xodimning patent davridagi ish faoliyati haqida ma’lumotlar bazada mavjud bo‘lmasa, patentni qayta rasmiylashtirish rad etilishi mumkin. Belgilangan muddatlarni o‘tkazib yuborish ham hujjatlarning rad etilishiga olib keladi.









