Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o'rinbosari Dmitriy Medvedev Moskva mintaqasida xorijliklarni hisobga olish uchun joriy etilgan “Amina” mobil ilovasining samaradorligini qayd etdi. Ushbu raqamli tizim vizasiz tartibda kirib kelgan migrantlarning biometrik ma'lumotlarini nazorat qilish va ularning hudud bo'ylab harakatlanishini kuzatish uchun mo'ljallangan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yilning sentabr oyidan boshlab tajriba tariqasida ishlatilgan ilovadan 3,3 milliondan ortiq xorijlik foydalangan. Hozirgi vaqtda tizimda vizasiz mamlakatlardan kelgan 1,1 million nafar migrant hisobda turibdi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, ushbu dastur xorijliklar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish bilan birga, Rossiya qonunchiligiga rioya etilishini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Sentyabr oyida “Amina” tizimining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Migrantlar uchun bu yangilik Rossiyada bo'lish qoidalariga rioya qilish va biometrik nazoratdan o'tish tartiblari yanada kuchaytirilishini anglatadi. Xorijlik fuqarolar ushbu tizim orqali o'zlarining migratsiya maqomini kuzatib borishlari va qoidalarga muvofiq harakat qilishlari talab etiladi.









