Moskva viloyati hukumati xorijiy fuqarolar uchun ruxsat talab etiladigan hududlar ro'yxatini yangiladi. Yangi qarorga ko'ra, avvalgi oltita tumanni qamrab olgan ro'yxatdan to'rttasi — Mytishchi, Solnechnogorsk, Podolsk va Shchyolkovo tumanlari chiqarib tashlandi. Endilikda maxsus tartib faqat Odintsovo okrugi va Balashixa shahridagi ayrim hududlarga nisbatan amal qiladi.
Ushbu hududlarga tashrif buyurish uchun xorijiy fuqarolar va ularni qabul qiluvchi tashkilotlar oldindan kelishuv jarayonini amalga oshirishi shart. Hududlarning aniq chegaralari geografik koordinatalar asosida belgilangan bo'lib, ular hukumat qaroriga ilova qilingan hujjatlarda ko'rsatilgan. Migrantlar o'z manzillarini rejalashtirishda ushbu yangilangan koordinatalarga e'tibor qaratishlari tavsiya etiladi.
Shu bilan birga, tranzit harakati uchun qulayliklar saqlab qolindi. Xorijiy fuqarolar M-1 «Belarus», M-7 «Volga», M-12 «Vostok», Nosovixinskoye va Ryazanskoye shosselari, shuningdek, Gorkiy temir yo'l yo'nalishi orqali ruxsat etilgan marshrutlar bo'yicha to'siqlarsiz o'tishlari mumkin.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ushbu o'zgarishlar haqida xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsulliklarini xabardor qilish topshirildi. Xorijiy fuqarolardan o'z manzillari maxsus tartibdagi zonaga tushish-tushmasligini tekshirish va tegishli hujjatlarni oldindan tayyorlab qo'yish so'raladi.









