SOS
Hujjatlar

Noyabrskda soxta hujjatlar orqali qonuniylashtirilgan yuzlab migrantlar aniqlandi

Noyabrskda soxta hujjatlar orqali qonuniylashtirilgan yuzlab migrantlar aniqlandi

Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugi, Noyabrsk shahrida xorijlik fuqarolarni qonuniylashtirish bilan shug'ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Sud materiallariga ko'ra, 2022-2023-yillar davomida “Huquqiy agentlik ko'mak” va “Hamkor va K” MChJlar orqali yuzlab migrantlarga soxta hujjatlar tayyorlab berilgan.

Jinoiy sxema tashkilotchisi Ivan Kryuchenkov bo'lib, u migrantlarni ishga joylashtirish va ularga Rossiyada qonuniy qolish imkonini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug'ullangan. Shuningdek, guruh tarkibidagi til mutaxassisi rus tili bo'yicha imtihonlarda ishtirokchilarga yashirincha yordam bergan, javoblarni ko'rsatib turgan yoki video yozuvlarni qayta yozib olgan. Ushbu xizmatlar evaziga patent uchun 6 000 rubl, yashash guvohnomasi uchun esa 6 500 rubl haq olingan.

Aniqlanishicha, 2022-yil 17-yanvardan 2023-yil 21-oktyabrgacha bo'lgan davrda 357 ta fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilgan. Til imtihonidan esa 600 ga yaqin O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston fuqarolari noqonuniy yo'llar bilan o'tgan. Ular orasida maktab qurilishida qatnashgan ishchilar, novvoyxona va transport kompaniyalari xodimlari ham bo'lgan.

Sud qaroriga ko'ra, guruh tashkilotchisi Ivan Kryuchenkov 7 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 500 ming rubl jarimaga tortildi. Til imtihonini soxtalashtirgan Ilnur Ganiyev 3,5 yilga qamalib, 200 ming rubl jarima to'laydigan bo'ldi. Yana bir ishtirokchi Yuriy Moreyko esa 3 yil shartli jazo va 150 ming rubl jarimaga tortildi.

31.10.20261