O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Behzod Musayev Moskvada Rossiya mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mehnat migrantlari uchun qulayliklar yaratishga qaratilgan yangi takliflarni ilgari surdi. Ushbu tashabbus Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning vaqtini tejash va migratsiya markazlaridagi yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, fuqaro Rossiyaga jo‘nab ketishidan oldin uning mamlakatga kirishiga taqiq bor-yo‘qligini aniqlash va hujjatlarni dastlabki tekshiruvdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Bu migrantlarga Rossiya hududiga yetib borgach, kutilmagan muammolarga duch kelmaslik uchun oldindan tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Shuningdek, patentni rasmiylashtirish yoki qayta rasmiylashtirish jarayonida avval taqdim etilgan hujjatlarni takroran talab qilmaslik hamda ayrim tartib-taomillarni to‘liq raqamli formatga o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Agentlik vakillarining qayd etishicha, mazkur chora-tadbirlar o‘zbekistonlik migrantlarning Rossiyadagi migratsiya markazlariga murojaat qilish sonini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda.









