Vladimir viloyatining Kovrov shahrida yashovchi fuqaro xorijliklarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazganlikda aybdor deb topildi. Sud qaroriga ko‘ra, u 11 nafar xorij fuqarosini, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘z onasining xonadoniga haq evaziga soxta tarzda ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ushbu qilmishi uchun u qat’iy tartibli koloniyada 2 yil-u 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Aniqlanishicha, ayblanuvchi har bir xorijlik uchun 1000 rubl miqdorida haq olgan. Biroq, ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarning hech biri ushbu manzilda yashamagan va ularning aksariyati bilan ayblanuvchining o‘zi ham tanish bo‘lmagan. Sud jarayonida uning harakatlari Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra «chet el fuqarosini yashash joyi bo‘yicha soxta hisobga qo‘yish» moddasi bilan malakalandi.
Migrantlar uchun bunday «xizmatlar»dan foydalanish jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar xorijlik fuqaro haqiqatda yashamaydigan manzilga ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu ma’lumotlar tekshiruvlar davomida aniqlangach, uning yashash uchun ruxsatnomasi yoki boshqa hujjatlari bekor qilinishi, shuningdek, mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.









