SOS
Hujjatlar

Rossiya fuqaroligini olish uchun yashash muddati 8 yilgacha uzaytirilishi mumkin

Rossiya fuqaroligini olish uchun yashash muddati 8 yilgacha uzaytirilishi mumkin

Rossiya Davlat Dumasiga xorijliklarning Rossiya fuqaroligini olishi uchun talab qilinadigan doimiy yashash muddatini 5 yildan 8 yilgacha uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi taqdim etildi. Ushbu tashabbus LDPR fraksiyasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan va hukumatga ko'rib chiqish uchun yuborilgan.

Qonun loyihasi «Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to'g'risida»gi va «Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to'g'risida»gi qonunlarga o'zgartirish kiritishni ko'zda tutadi. Unga ko'ra, yashash guvohnomasini (VNJ) olish uchun talab qilinadigan muddat ham 1 yildan 2 yilgacha oshirilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) asosida mamlakatda bo'lishning ikkinchi yilidan boshlab, 8 oy o'tgachgina hujjat topshirish imkoniyati yaratilishi mumkin.

LDPR yetakchisi Leonid Slutskiyning ta'kidlashicha, ushbu choralar xorijliklar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yilning birinchi choragida Rossiyada 8 mingdan ortiq yashash guvohnomasi bekor qilingan, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 90 foizga ko'pdir. Asosiy sabablar sifatida noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etish va milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar ko'rsatilgan.

Eslatib o'tamiz, joriy yilning 27-iyulidan boshlab Rossiyada fuqarolik va migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirish uchun davlat bojlari sezilarli darajada oshirilgan edi. Xususan, fuqarolik uchun ariza topshirish narxi 4200 rubldan 50 ming rublgacha, yashash guvohnomasi uchun 6 mingdan 30 ming rublgacha, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi uchun esa 15 ming rublgacha ko'tarilgan.

20.10.20261