Rossiya Ichki ishlar vazirligi fuqarolik olish jarayonida qonuniy asoslarga qat'iy rioya etilishini nazorat qilmoqda. Joriy yilning dastlabki yetti oyi yakunlariga ko'ra, fuqarolik olish uchun topshirilgan arizalarni rad etish holatlari 10 foizga oshgan. Rad etishlarning 65 foizdan ortig'i soxta, qalbakilashtirilgan hujjatlarni taqdim etish yoki noto'g'ri ma'lumotlar berish bilan bog'liq.
Shuningdek, Rossiya fuqaroligini olgan shaxslarga nisbatan ham nazorat kuchaytirilgan. Hisobot davrida mingdan ortiq kishi majburiy tartibda fuqarolikdan mahrum qilingan. Bunga sud tomonidan belgilangan jinoyatlar (72 foiz), harbiy hisobga o'z vaqtida turmaslik (11 foiz), milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi xatti-harakatlar (10 foiz) hamda hujjatlarning soxtaligi aniqlanishi (7 foiz) asos bo'lgan.
Mutaxassislar eslatishicha, noto'g'ri ma'lumotlar taqdim etish holati nafaqat ariza ko'rib chiqilayotgan bosqichda, balki fuqarolik olingandan keyin ham aniqlanishi mumkin. Har ikki holatda ham qonunchilikda belgilangan jiddiy huquqiy oqibatlar yuzaga keladi.
Fuqarolik olishni rejalashtirgan yoki allaqachon Rossiya pasportiga ega bo'lgan shaxslar taqdim etilayotgan ma'lumotlarning to'g'riligiga va qonuniy majburiyatlarning bajarilishiga alohida e'tibor qaratishlari tavsiya etiladi.









