Tatariston Respublikasi Xorijlik fuqarolarni ijtimoiy va madaniy moslashtirish markazi mutaxassislari Qozondagi «Texmet» kompaniyasi xodimlari uchun maxsus seminar tashkil etdi. Tadbirning asosiy maqsadi migrantlarga Rossiya qonunchiligi va kundalik hayotdagi muhim masalalar bo‘yicha yo‘riqnoma berishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida migratsiya qonunchiligiga alohida urg‘u berildi. Xususan, xorijlik ishchilarga patent va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi, shuningdek, qoidalarni buzishning oqibatlari tushuntirildi. Mutaxassislar ma’muriy va jinoiy javobgarlik o‘rtasidagi farqni, jarimalar va deportatsiya xavfini oldini olish yo‘llarini batafsil yoritib berishdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga Rossiya tibbiyot tizimidan foydalanish, poliklinikaga biriktirilish va tibbiy sug‘urta (OMS) polisini qo‘llash bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Ota-onalar uchun esa farzandlarini bog‘cha va maktablarga joylashtirish tartibi, shuningdek, rus tilini o‘rganish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Markaz vakillari migrantlarga qiyin vaziyatlarda yordam beradigan psixologik va huquqiy xizmatlar kontaktlarini taqdim etishdi. Bunday uchrashuvlar xorijlik mutaxassislarning yangi muhitga tezroq moslashishiga, ish joyidagi huquqiy savodxonligini oshirishga hamda ijtimoiy hayotda o‘zini erkin his qilishiga xizmat qiladi.









