Chelyabinsk viloyatining Agapov tumanida xorijlik ishchilar uchun migratsiya qonunchiligidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan maxsus o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda migrantlarga Rossiya hududida qonuniy ishlash va yashash tartiblari, shuningdek, yaqinda kuchga kirgan yangi qoidalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mutaxassislar patent to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidladilar. Unga ko‘ra, to‘lov muddatining hatto bir kun kechikishi ham patentni haqiqiy emas deb topishga sabab bo‘ladi. Shuningdek, yil davomida ikki marta ma’muriy jarimaga tortilish Rossiyaga kirishni besh yilga taqiqlanishiga, patentsiz ishlash esa mamlakatdan chiqarib yuborilishiga olib kelishi eslatib o‘tildi.
Sentyabr oyidan boshlab tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi qat’iylashdi. Endilikda Rossiyaga 90 sutkadan ortiq muddatga kelgan barcha xorijliklar mamlakatga kirgan kundan boshlab 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart (avval bu muddat 90 kun edi).
Shuningdek, Rossiya IIVning 290-sonli buyrug‘iga asosan, mehnat shartnomasi tuzilgani yoki bekor qilingani haqidagi xabarnomani ish beruvchi uch ish kuni ichida taqdim etishi lozim. Xorijlik xodimning shaxsiy ma’lumotlari o‘zgarganda qayta xabarnoma berish talab etilmasa-da, hujjatlarga xodimning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga roziligini ilova qilish majburiy etib belgilandi.









