Rossiya qonunchiligiga ko'ra, xorijiy fuqarolar mamlakatda ishlashi uchun migratsiya kartasida kirish maqsadi «Ish» deb ko'rsatilgan bo'lishi shart. Ushbu qoidani buzish jarima va mamlakatdan chiqarib yuborish kabi choralarga olib kelishi mumkin. Biroq, ayrim toifadagi fuqarolar uchun Rossiyadan chiqib ketmasdan turib ushbu maqsadni o'zgartirish imkoniyati mavjud.
YeOIIga a'zo davlatlar (Armaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston) fuqarolari uchun tartib quyidagicha: xodim ish beruvchi bilan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzishi kerak. Ish beruvchi esa 3 ish kuni ichida Rossiya IIV hududiy organiga xabarnoma yuborishi lozim. Shuningdek, xodim majburiy tartibda tibbiy ko'rikdan o'tishi va barmoq izlarini topshirishi shart.
Vizasiz tartibda kirgan va patent asosida ishlamoqchi bo'lgan xorijliklar uchun esa quyidagi qoidalar amal qiladi: xodim Rossiyaga kirganidan keyin 30 kun ichida patent olish uchun ariza topshirishi va unda kirish maqsadini o'zgartirishni ko'rsatishi kerak. Bunda yangi migratsiya kartasi berilmaydi, o'zgarishlar IIV ma'lumotlar bazasida avtomatik tarzda aks etadi.
Patent olgan xorijliklar uchun yana bir muhim talab mavjud: hujjat qo'lga kiritilgach, 2 oy muddat ichida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani to'g'risida IIVga xabarnoma yuborish talab etiladi. Ushbu qoidalarga amal qilish migrantlarning Rossiyada qonuniy ishlashini ta'minlaydi.









