Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) manzil-ma’lumot xizmatlarini ko‘rsatish tartibini yangiladi. Unga ko‘ra, endilikda uy-joy mulkdorlari o‘zlariga tegishli kvartira yoki uyda ro‘yxatdan o‘tgan barcha shaxslar, jumladan, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar haqida to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega bo‘ladi.
Ushbu yangilik 2026-yil 5-sentabrdan kuchga kiradi. Endilikda mulkdorlar o‘z manzillarida migratsiya hisobiga qo‘yilgan chet elliklar haqida rasmiy ma’lumotni bepul tarzda talab qilib olishlari mumkin. Xizmat natijasi 10 ish kunigacha bo‘lgan muddatda taqdim etiladi.
Murojaatni “Gosuslugi” portali orqali elektron shaklda yuborish yoki shaxsan IIVning migratsiya bo‘linmalariga murojaat qilish orqali amalga oshirish mumkin. Ta’kidlash joizki, mazkur xizmat ko‘p funksiyali markazlar (MFTs) orqali ko‘rsatilmaydi.
Shuningdek, yangi qoidalarga ko‘ra, Rossiya fuqarolari uchun shaxs bilan bog‘lanish maqsadida ma’lumot izlash funksiyasi ham yo‘lga qo‘yildi. Biroq, bu funksiya hozircha xorijiy fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.









