Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) 2024-yilning yanvar-sentabr oylari uchun migratsiya statistikasini e'lon qildi. Unga ko'ra, joriy yilning to'qqiz oyi davomida xorijlik ishchilarga 1,5 millionta mehnat patenti berilgan. Taqqoslash uchun, o'tgan yilning shu davrida bu ko'rsatkich 1,9 millionta hujjatni tashkil etgan edi.
Patent — O'zbekiston va Tojikiston kabi vizasiz tartibda kiruvchi davlatlar fuqarolari uchun Rossiyada ishlashning asosiy hujjati hisoblanadi. Statistikaga ko'ra, ushbu hujjatga bo'lgan talab 400 mingtaga qisqargan.
Shu bilan birga, vizali tartibdagi davlatlar (Hindiston, Xitoy, Bangladesh, Indoneziya va boshqalar) fuqarolari uchun ish ruxsatnomalari soni oshgan. Xususan, o'tgan yilning shu davrida 177,4 mingta ruxsatnoma berilgan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich 215,3 mingtani tashkil etdi.
Mutaxassislar ushbu o'zgarishlarni ish beruvchilarning kadrlar tanlashdagi yondashuvi bilan bog'lamoqda. Ba'zi tahlilchilar biznes vakillari o'zlariga kerakli malakali ishchilarni jalb qilishda vizali tartibdagi davlatlar bilan ishlashni afzal ko'rayotganini ta'kidlashmoqda.









