Rossiya IIV xorijlik fuqarolarga mehnat patentini berishni rad etishga asos bo'luvchi bir qator holatlarni belgilab qo'ydi. Unga ko'ra, agar taqdim etilgan hujjatlarning amal qilish muddati o'tgan bo'lsa yoki ular qalbakilashtirilgan bo'lsa, ariza qanoatlantirilmaydi. Shuningdek, ariza jarayonida yolg'on ma'lumotlar taqdim etish ham patent olishga to'sqinlik qiladi.
Migrantlarning huquqbuzarliklar tarixi ham muhim ahamiyatga ega. Agar chet el fuqarosi bir yil davomida Rossiyada bo'lish tartibini buzgani uchun bir martadan ko'p ma'muriy javobgarlikka tortilgan bo'lsa, unga patent berilmaydi. Bundan tashqari, ariza topshirishdan oldingi 5 yil ichida Rossiyadan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) shaxslar ham patent olish huquqidan mahrum bo'ladi.
Agar patent berish rad etilsa, qayta murojaat qilish uchun 1 yil kutish talab etiladi. Agar fuqaro qabul qilingan qaror bilan rozi bo'lmasa, u "Gosuslugi" portali orqali shikoyat yuborishi yoki hujjat topshirgan Rossiya IIV bo'linmasiga shaxsan murojaat qilishi mumkin.









