Rossiya Federatsiyasiga kirib kelgan har bir xorijiy fuqaro, vizali yoki vizasiz tartibda kelganidan qat'i nazar, qonuniy bo'lishi uchun migratsiya hisobiga turishi shart. Bu jarayon qabul qiluvchi tomon (ish beruvchi yoki uy egasi) orqali amalga oshiriladi va xorijlikning Rossiyada bo'lishi to'g'risida Ichki ishlar vazirligini xabardor qilishni anglatadi.
Migratsiya hisobiga turish uchun xorijiy fuqaro Rossiyaga kirganda migratsiya kartasini oladi. Qabul qiluvchi tomon esa belgilangan shakldagi bildirishnomani to'ldirib, uni IIV bo'limi, pochta bo'limi, ko'p funksiyali markazlar (MFT) yoki «Gosuslugi» portali orqali taqdim etishi lozim. Hujjatlar rasmiylashtirilgach, qabul qiluvchi tomon IIV muhri bosilgan bildirishnoma qismini xorijiy fuqaroga topshirishi kerak.
Eslatib o'tamiz, xorijiy fuqarolar Rossiyada kirgan vaqtdan boshlab 90 kungacha bo'lishlari mumkin. Ushbu muddat tugagach, fuqaro yo qonuniy asoslarga ko'ra ro'yxatdan o'tish muddatini uzaytirishi, yoki mamlakatdan chiqib ketishi shart. Muddat tugagach chiqib ketmaslik yoki ro'yxatdan o'tish qoidalarini buzish qonuniy javobgarlikka sabab bo'ladi.
Qoidalarni buzganlik uchun xorijiy fuqarolarga 2 000 dan 5 000 rublgacha jarima solinishi, shuningdek, Rossiyadan ma'muriy tartibda chiqarib yuborish va kirishga taqiq qo'yilishi mumkin. Qabul qiluvchi tomon uchun ham jazo choralari mavjud: jismoniy shaxslar uchun 4 000 rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 1 million rublgacha jarima yoki faoliyatni 90 kungacha to'xtatib turish jazosi belgilangan.









