Rossiya migratsiya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan xorijliklar o‘z yaqin qarindoshlari orqali qolish muddatini uzaytirish huquqiga ega. Bu imkoniyat ikki asosiy toifadagi shaxslar uchun amal qiladi.
Birinchi toifa – Rossiya fuqarolari yoki yashash guvohnomasiga (VNJ) ega shaxslarning yaqinlari. Bunga turmush o‘rtoqlar, farzandlar, ota-onalar, bobo-buvilar va nabiralar kiradi. Bunda vizasiz tartibdagi davlat fuqarosi bo‘lgan qarindoshning Rossiyada doimiy ro‘yxatdan o‘tganligi (pasport yoki VNJdagi shtamp) talab etiladi. Muddat kirib kelgan sanadan boshlab 1 yilga uzaytiriladi va buni bir necha bor amalga oshirish mumkin. Muhimi, qarindoshlar bir manzilda yoki bir hududda yashashi shart emas.
Ikkinchi toifa – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari (Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) fuqarolari bilan ishlaydigan shaxslarning oila a’zolari. Bu ro‘yxatga faqat turmush o‘rtoqlar, farzandlar va ota-onalar kiradi (bobo-buvilar va nabiralar kirmaydi). Uzaytirish muddati qarindoshning mehnat shartnomasi amal qilish muddatiga bog‘liq. Agar shartnoma muddatsiz bo‘lsa, ruxsat 1 yilgacha beriladi.
Ushbu qoidalar migrantlarga oila a’zolari bilan birga bo‘lish imkonini beradi. Har bir holatda hujjatlarni rasmiylashtirishda belgilangan muddatlarga rioya qilish va tegishli migratsiya organlariga o‘z vaqtida murojaat qilish talab etiladi.









