Rossiya Federal soliq xizmati xorijiy fuqarolar uchun soliq hisobiga turish tartibini soddalashtiruvchi yangi buyruqni e'lon qildi. Unga ko'ra, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab migrantlar soliq idorasiga shaxsan tashrif buyurmasdan, masofaviy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo'ladi.
Ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun xorijlik fuqaroda «Gosuslugi» portalida tasdiqlangan shaxsiy kabinet bo'lishi talab etiladi. Soliq hisobiga turish yoki undan chiqish uchun ariza elektron shaklda to'ldirilib, soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Mazkur yangilik migrantlar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini sezilarli darajada qisqartiradi va vaqtni tejashga yordam beradi. Shuningdek, soliq xizmati tomonidan arizaning yangi namunasi ham tasdiqlangan bo'lib, u elektron tizimga moslashtirilgan.
Eslatib o'tamiz, mazkur tartib 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi. Shu sanadan e'tiboran xorijliklar soliq organlari bilan bog'liq amaliyotlarni uydan chiqmasdan, internet orqali amalga oshirishlari mumkin bo'ladi.









