Rossiyaning Bogotol shahrida 63 yoshli nafaqaxo'r ayolga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi. U joriy yilning sentyabr oyida pasport stoliga ikki nafar xorijiy fuqaroni o'z yashash manziliga ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha hujjatlarni taqdim etgan. Biroq, politsiya xodimlari tomonidan o'tkazilgan tekshiruv davomida xorijliklar ko'rsatilgan manzilda yashamasligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining “Xorijiy fuqarolarni yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni Rossiya Federatsiyasida bo'lish joyi bo'yicha soxta ro'yxatga olish” moddasi bilan jinoiy ish ochildi. Ushbu modda bo'yicha aybdor deb topilgan shaxslar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Politsiya xodimlari soxta ro'yxatga olishning asosiy belgilarini eslatib o'tdi. Bular: ataylab yolg'on ma'lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish, xorijlikning ushbu manzilda haqiqatda yashash niyati yo'qligi hamda uy egasining turar joyni haqiqatda foydalanish uchun taqdim etish niyatining mavjud emasligidir.
Eslatib o'tamiz, xorijiy fuqarolar uchun ro'yxatdan o'tish Rossiya hududida qonuniy bo'lish va mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun majburiy hisoblanadi. Mutaxassislar uy egalarini qonun talablariga rioya qilishga va soxta ro'yxatga olish holatlaridan tiyilishga chaqirmoqda.









