Rossiya Federatsiyasiga kelgan xorijlik fuqarolarning farzandlari uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. 1-sentabrdan boshlab, 6 yoshdan oshgan barcha xorijlik bolalar mamlakatga kirib kelganidan so‘ng 30 kun ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari majburiy etib belgilandi.
Bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun oldindan navbat olish tavsiya etiladi. Navbatni "Gosuslugi" portali orqali olish qulayroq hisoblanadi, chunki Rossiya fuqarolari uchun tizimda bo‘sh vaqtlar tezroq topiladi. Shu sababli, uy egasidan navbat olishda yordam so‘rash maqsadga muvofiq.
Migratsion hisob (registratsiya) masalasiga kelsak, voyaga yetmagan bolalar uchun tartib o‘zgarmagan: ular avvalgidek uy egasi bilan birga ichki ishlar bo‘limiga (OMVD) borib, qog‘oz shaklida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. "Amina" ilovasi bolalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, ota-onalar o‘zlarining mehnat patentlari asosida farzandlarining ro‘yxatdan o‘tish muddatini uzaytirishlari va migratsion kartalariga tegishli muhrni bosdirishlari shart. Bu jarayon qonuniy asosda mamlakatda bo‘lib turish uchun muhim ahamiyatga ega.









