2026-yilda Rossiyaga ko‘chib o‘tish davlat dasturida ishtirok etishni rejalashtirayotgan shaxslar uchun muayyan talablar mavjud. Dasturda 18 yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli va «vatandosh» maqomiga ega bo‘lgan shaxslar qatnashishi mumkin. Arizani xorijda yashayotganlar Rossiyaning o‘z mamlakatidagi elchixonalari orqali, Rossiya hududida bo‘lganlar esa IIV bo‘linmalariga topshirishlari mumkin.
Biroq, barcha hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilgan taqdirda ham, ayrim holatlarda ariza rad etilishi mumkin. Asosiy sabablar qatoriga nomzodning tanlangan hudud talablariga mos kelmasligi, migratsiya tarixidagi muammolar (deportatsiya yoki kirish taqiqlari), sudlanganlik, shuningdek, soxta hujjatlar yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish kiradi. Bundan tashqari, xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlar va yuqumli kasalliklarning mavjudligi ham rad javobiga sabab bo‘ladi.
Ishtirokchi guvohnomasi berilgandan keyin ham uni bekor qilish holatlari mavjud. Agar shaxs Rossiya qonunchiligini buzsa, bir yil ichida ikki va undan ortiq marta ma’muriy javobgarlikka tortilsa yoki Rossiya hududidan tashqarida olti oydan ortiq vaqt davomida bo‘lsa, maqomidan mahrum bo‘lishi mumkin. Shuningdek, dasturdan muddatidan oldin chiqib ketish yoki boshqa hududga ko‘chib o‘tish davlat tomonidan ajratilgan xarajatlarni qoplab berish majburiyatini yuklaydi.
Ariza rad etilgan taqdirda, sabablarni diqqat bilan o‘rganib chiqish va kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilish tavsiya etiladi. Murakkab vaziyatlarda migratsiya huquqi bo‘yicha mutaxassislardan maslahat olish maqsadga muvofiqdir.









