Rossiyada vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP)ga ega bo‘lgan migrantlar orasida “Amina” mobil ilovasi orqali migratsiya hisobiga turish zarurati haqida savollar ko‘paymoqda. Mutaxassislar ushbu ilovadan foydalanish kimlar uchun majburiy ekanligini tushuntirib o‘tdilar.
“Amina” ilovasi faqat Rossiyaga vizasiz tartibda kirib kelgan va Moskva yoki Moskva viloyatida 90 sutkadan ortiq vaqt davomida “vaqtincha bo‘lib turgan” (vremenno prebyvayushiy) maqomidagi chet el fuqarolari uchun mo‘ljallangan. RVPga ega bo‘lgan shaxs esa “vaqtincha yashovchi” (vremenno prozhivayushiy) maqomiga ega hisoblanadi.
Shu sababli, RVPga ega migrantlar “Amina” ilovasidan foydalanmasliklari kerak. Ularga nisbatan “Migratsiya hisobi to‘g‘risida”gi 109-FZ-sonli Federal qonun talablari tatbiq etiladi. Ro‘yxatdan o‘tish muddati avvalgidek, an’anaviy usulda uzaytirilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, RVPga ega bo‘lgan chet el fuqarolari migratsiya hisobiga turish bilan bir qatorda, yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ham egadirlar.









