Rossiya IIVning Ryazan viloyati bo'yicha migratsiya boshqarmasi vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (RVP) olish maqsadida kvota ajratish bo'yicha ariza-anketalarni qabul qilishini e'lon qildi. Hujjatlar 2026-yil 5-oktyabr kuni soat 09:30 dan 12:30 gacha hamda 6-oktyabr kuni soat 14:30 dan 16:30 gacha qabul qilinadi.
Arizalar Ryazan shahri, 14-Liniya ko'chasi, 2V manzilidagi 2-zalda qabul qilinadi. Migrantlar o'zlari bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport), migratsiya kartasi hamda ro'yxatdan o'tganlik to'g'risidagi bildirishnomaning yirtma qismini olib kelishlari shart.
Komissiya kvota ajratishda bir qator mezonlarga tayanadi. Xususan, nomzod Rossiya hududida oxirgi 3 yil davomida har yili kamida 6 oy mehnat faoliyatini olib borgan bo'lishi va ish beruvchi tomonidan sug'urta badallari to'langan bo'lishi talab etiladi. Shuningdek, Rossiya fuqarosi bo'lgan qarindoshlarning mavjudligi, hududda shaxsiy uy-joyga egalik qilish, sudlanmaganlik va ma'muriy javobgarlikka tortilmaganlik kabi omillar ham inobatga olinadi.
Qo'shimcha ma'lumotlar olish uchun 29-91-20 va 29-91-23 telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin. Arizalarni ko'rib chiqish tartibi Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2020-yil 29-dekabrdagi 2345-sonli qarori bilan tartibga solinadi.









