Rossiya IIVning Krasnoyarsk shahri bo'yicha tergov boshqarmasi noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo'yicha jinoyat ishlarini tergov qilmoqda. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yilning iyulidan 2026-yilning iyuligacha bo'lgan davrda 6 nafar mahalliy fuqaro xorijliklarni qonuniylashtirish bilan shug'ullangan.
Jinoyat guruhiga xostel direktori va firma ta'sischisi boshchilik qilgan. Ular migrantlarni xostelga haqiqatda joylashtirmasdan, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (RVP) olish maqsadida soxta ro'yxatga qo'yishgan. Shuningdek, guruh tarkibidagi boshqa shaxslar patent olish uchun soxta mehnat shartnomalarini tayyorlash va vositachilik qilish bilan shug'ullangan.
Ushbu xizmatlar uchun gumonlanuvchilar xorijlik fuqarolardan 8 mingdan 15 ming rublgacha haq olgan. Hozirgi vaqtda ushbu shaxslarga nisbatan kamida 10 ta jinoyat epizodi bo'yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi bo'yicha qo'zg'atilgan ish doirasida tergov davom etmoqda.
Eslatib o'tamiz, soxta hujjatlar yoki qalbaki ro'yxatdan o'tish orqali olingan hujjatlar kelgusida migrantlarning Rossiyadagi maqomiga salbiy ta'sir ko'rsatishi va huquqiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.









