Rossiya IIV ma'lumotlariga ko'ra, Moskvadagi savdo markazlaridan birida joylashgan kiyim-kechak shourumi niqobi ostida noqonuniy migratsiya kanali faoliyat yuritgan. Huquq-tartibot organlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu sxemani tashkil etgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti respublikalaridan bo'lgan 3 nafar shaxs qo'lga olindi.
Jinoyatchilar 100 dan ortiq nazorat ostidagi yuridik shaxslar tarmog'idan foydalangan holda xorijlik fuqarolar uchun soxta mehnat shartnomalari va tibbiy daftarchalarni tayyorlab bergan. Shuningdek, ular mijozlarni turar joy va ish uchun zarur transport bilan ta'minlash xizmatlarini ham ko'rsatib kelgan. Ushbu noqonuniy tizim orqali Rossiya hududiga bir necha ming xorijlik fuqaro kirib kelgan.
Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan. Hozirda gumondorlarning ikki nafari qamoqqa olingan, bir nafari esa uy qamog'iga chiqarilgan. Tergov organlari ushbu sxema orqali mamlakatga kirgan va migratsiya qonunchiligini buzgan holda yashayotgan barcha shaxslarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish bo'yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda.
Migrantlar uchun ushbu holat muhim ogohlantirish bo'lib, soxta hujjatlar yoki noqonuniy vositachilar xizmatidan foydalanish Rossiya qonunchiligiga ko'ra jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Har qanday migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirishda faqat qonuniy va rasmiy kanallarga murojaat qilish tavsiya etiladi.









