Voronej viloyatining Paninskiy tuman sudi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda aybdor deb topilgan 18 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Sud jarayonida aniqlanishicha, ushbu guruh a'zolari xorijlik fuqarolarga Rossiyada yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) olishda yordam berish maqsadida Rossiya fuqarolari bilan soxta nikohlar tuzish sxemasini yo'lga qo'ygan.
Jinoyat ishiga ko'ra, guruh tashkilotchisi R. G. Verdiyev o'g'li o'z sheriklari P. M. Aleksandrova, N. N. Danchenko va yana 15 nafar shaxs bilan birgalikda pul evaziga migrantlar uchun soxta nikohlar tashkil qilgan. Bu usul xorijliklarga soddalashtirilgan tartibda Rossiyada qonuniy yashash huquqini olish imkonini bergan. Sudlanuvchilarning hech biri o'z aybiga iqror bo'lmagan.
Sud qaroriga ko'ra, guruh tashkilotchisi 3 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilib, 400 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. Uning asosiy yordamchilari 2,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilinib, har biriga 300 ming rubldan jarima belgilandi. Qolgan 15 nafar ishtirokchi esa 2 yil muddatga umumiy tartibli koloniyaga yuborildi va ularning har biri 300 ming rubl miqdorida jarima to'lashi belgilandi.
Ta'kidlash joizki, sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan va tomonlar uni apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga ega. Ushbu holat Rossiyada migratsiya qonunchiligini chetlab o'tishga urinishlar qattiq nazorat qilinayotganini va soxta hujjatlar bilan bog'liq harakatlar jiddiy jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishini yana bir bor eslatadi.









